Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom respublika hududlarida (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) huquq ustuvorligining ta'minlanganlik holatini reyting asosida baholash natijasida Hududlarning huquq ustuvorligi indeksini aniqlash tartibini belgilaydi.

2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:

indikatorlar — huquq ustuvorligining ta'minlanganlik holatini aks ettiruvchi asosiy ustuvor ko‘rsatkichlar;

subindikatorlar — indikatorlar bo‘yicha baholarni shakllantirishda foydalaniladigan aniq sohalar bo‘yicha ko‘rsatkichlar;

baholash mezonlari — subindikatorlarni baholashda inobatga olinadigan ijtimoiy munosabatlar sohalari bo‘yicha respondentlarning baholari va ko‘rsatkichlardagi o‘zgarishlar;

respondent — huquq ustuvorligining ta'minlanganlik holatini aniqlashda o‘tkaziladigan so‘rovda ishtirok etish uchun tanlab olingan shaxs;

respondent-aholi — huquq ustuvorligining ta'minlanganlik holatini aniqlashda o‘tkaziladigan so‘rovda ishtirok etish uchun aholi orasidan tanlab olingan jismoniy shaxs;

respondent-ekspert — huquq ustuvorligining ta'minlanganlik holatini aniqlashda o‘tkaziladigan so‘rovda ishtirok etish uchun tegishli sohada faoliyat yuritayotgan malakali mutaxassislar orasidan tanlab olingan jismoniy shaxs.

3. Hududlarning huquq ustuvorligi indeksini aniqlash va uning natijalaridan foydalanish ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq qonuniylik, oshkoralik, shaffoflik, xolislik, adolatlilik va tenglik tamoyillariga asoslangan holda amalga oshiriladi.